AQShning Apple kompaniyasi Mac va iPhone qurilmalari uchun xavfli zaiflikni bartaraf etuvchi yangi dasturiy ta'minot yangilanishini chiqardi. Bu haqda “MacRumors portali” xabar berdi.
Bildirilishicha, Iyul oyi oxirida chiqarilgan iOS 18.6 va macOS Sequoia 15.6 versiyalarida CVE-2025-6558 nomli jiddiy zaiflik bartaraf etilgan. Ushbu zaiflik xakerlarga Chrome brauzerining xavfsizlik devorlarini aylanib ixtiyoriy kodni bajarish imkonini bergan.
Zaiflik Safari brauzerining asosi bo'lgan WebKit “dvigok”iga ham ta'sir qilgan. Bu esa zararli veb-kontentni qayta ishlashda tizim xatoliklariga olib kelishi mumkin.
Google bu zaiflikni joriy yilning 15 Iyul kuni Chrome brauzerida bartaraf etgan. Biroq zaiflik Apple operatsion tizimi komponentlariga chuqur integratsiyalashgani sababli iPhone va Mac uchun alohida tizim yangilanishi talab etilgan.
Ayni paytda usbu ekspluatatsiyaning texnik tafsilotlari oshkor etilmagan. Zaiflik haqiqiy kiberhujumlarda allaqachon ishlatilmoqda, shu sababli Google aksariyat foydalanuvchilar “himoya yamoqlari”ni o'rnatmaguncha tafsilotlarni e'lon qilmagunligini bildirgan.