Markaziy Osiyodan minglab fuqarolar Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainadagi urushga jalb etilgani aytilmoqda. Eng ko‘p ishtirokchilar O‘zbekiston va Tojikiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Zamon.uz ma’lum qildi.
Mustaqil jurnalist Grigoriy Pirlikning “Ukraina-Markaziy Osiyo” loyihasida jami 12 666 nafar markaziy osiyolikning shaxsi aniqlandi. Ular orasida 4 853 nafar o‘zbekistonlik, 3 407 nafar tojikistonlik, 2 389 nafar qozog‘istonlik, 1 439 nafar qirg‘izistonlik va 578 nafar turkmanistonlik bor.
2025 yilda O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha ikki marta ro‘yxat e’lon qilingan: mayda 1 110 nafar, iyulda esa yana 902 nafar. Keyingi oylarda yana 2 841 nafar o‘zbekistonlik haqida ma’lumot to‘plangan.
Ukraina tomoniga ko‘ra, markaziy osiyoliklar asosan piyoda qo‘shin sifatida, eng xavfli yo‘nalishlarga yuborilmoqda. Ayrim migrantlar esa Rossiyada bosim ostida shartnoma imzolashga majburlanaotganini aytgan.






