AsosiyJamiyat

25 ta tarixiy obida maketi Islom sivilizatsiyasi markaziga sovg‘a qilindi

Ayni vaqtda markaz binosida qurilish va pardoz ishlari deyarli yakunlangan bo‘lib, ekspozitsiya va kontent bilan to‘ldirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

'25 ta tarixiy obida maketi Islom sivilizatsiyasi markaziga sovg‘a qilindi'ning rasmi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi ishlari yakuniy bosqichda amalga oshirilyapti. Ayni vaqtda markaz binosida qurilish va pardoz ishlari deyarli yakunlangan bo‘lib, ekspozitsiya va kontent bilan to‘ldirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Hozirda mamlakatimiz va xorijdan jalb etilgan 2000 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, dizaynerlar, hunarmandlar va arxitektorlar 800 dan ziyod loyiha ustida faol ish olib borishmoqda.

Ayni paytda 1-bosqich uchun tanlab olingan va tayyorlanayotgan 400 ga yaqin har bir loyiha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” konsepsiyasi asosida shakllantirilmoqda.

Ushbu konsepsiya asosida tarixiy, ilmiy manbalar va arxeologik dalillarga tayanilgan holda ekspozitsiyalar mazmun jihatdan to‘ldirilmoqda.

Xususan, markaz kontentini boyitish maqsadida 59 ta maket yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 24 tasi zamonaviy 3D formatda namoyon bo‘lishi kutilyapti. Barcha maketlar yuksak sifat, aniqlik va ilmiy asosga tayangan holda tayyorlanishi belgilangan. Vaqt omili esa sifatga ta’sir qilmasligi, har bir maket muzeyga munosib darajada bo‘lishi shartligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu boradagi ishlarda muhim hamkorlik tashabbusi xususida ham alohida to‘xtalish joiz. O‘zbekistondagi eng ommaviy telemedia platformalardan biri — “Sevimli” telekanali tomonidan Prezident tashabbusini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida tarixiy obidalar maketlarini tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Telekanal tashabbusi bilan 25 ta eng muhim tarixiy obida maketlari Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga beg‘araz hadya sifatida taqdim etilishi rejalashtirilgan.

– Prezidentimizning g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu markaz kontentini boyitish uchun tarixiy obidalar maketini yaratish bilan o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qildik. Maketlar ustida ish joriy yil aprel oyida boshlangan. Har bir maketni yaratish jarayonida tarixiy asoslar, bezaklar, me’moriy uslublar batafsil o‘rganilayotgani, olimlar bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani ishimizga jiddiy yondashuvdan dalolat beradi.

Ayni paytda 4 ta maket to‘liq tayyor. Maketlar katta mas’uliyat bilan tayyorlanmoqda. Har bir obyekt muhokamalar va ilmiy xulosalar asosida yaratilyapti. Ayrimlari yakunlangan, qolganlari ishlab chiqarish bosqichida. Biz Prezidentimizning bu buyuk g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda ishtirok etishdan g‘oyatda mamnunmiz, – deydi “Sevimli” telekanali direktori Jaloliddin Safoyev.

Maketlar “Sevimli” telekanali buyurtmasiga asosan “Artefakt” firmasi tomonidan yaratilayotgan bo‘lib, bu jarayonga 15 dan ortiq mutaxassislar — texnik xodimlar, modellashtirish bo‘yicha dizaynerlar jalb etilgan.

    Boshqa yangiliklar