AsosiyJamiyat

Chorvoqda qurilish chiqindilari bo‘yicha reydlar boshlandi

Hududda nazoratni kuchaytirish maqsadida 10 ta nuqtaga onlayn videokuzatuv o‘rnatildi, yana 40 ta lokatsiya qamrab olinishi rejalashtirilgan.

'Chorvoqda qurilish chiqindilari bo‘yicha reydlar boshlandi'ning rasmi

O'zbekiston bo'ylab qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlash holatlarini bartaraf etish maqsadida keng ko'lamli tekshiruvlar start oldi. Ilk reydlar Chorvoq turistik zonasini qamrab oldi.

Respublika bo'ylab qurilish ishlari ko'payishi ortidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlari ham ortgani qayd etilmoqda. Shu munosabat bilan Bosh prokuratura, IIV, FVV, Milliy gvardiya va Ekologiya milliy qo'mitasi vakillaridan iborat ishchi guruhi tomonidan respublika bo'ylab reyd tadbirlari boshlandi.

Dastlabki o'rganishlar Chorvoq hududida qurilishlar 2020 yilga nisbatan 10 barobarga oshganini ko'rsatdi. Bu esa qurilish chiqindilarining noqonuniy tashlanishi bilan bog'liq muammolarni keskinlashtirgan.

11–13 aprel kunlari o'tkazilgan reydlar davomida 102 ta chiqindilarni noqonuniy tashlash holati aniqlandi, ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, havoni muhofaza qilish qoidalarini buzish bo'yicha 19 ta holat qayd etildi. 23 ta maxsus texnika yordamida ikkita noqonuniy chiqindixona bartaraf etildi va 401 tonna chiqindi poligonlarga olib chiqildi.

Hududda nazoratni kuchaytirish maqsadida 10 ta nuqtaga onlayn videokuzatuv o'rnatildi, yana 40 ta lokatsiya qamrab olinishi rejalashtirilgan. Respublika bo'ylab ekologik barqarorlikni ta'minlash uchun dolzarb 10 kunlik ham e'lon qilindi.

    Boshqa yangiliklar