Jizzax viloyati, Forish tumanida Nexia va Cobalt avtomobillarining to‘qnashuvi oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH 4 aprel kuni soat 16:05 atrofida “Jizzax—Bog‘don — Qizilcha” yo‘lida sodir bo‘lgan. Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi 27 yoshli U.B. Nexia’ni boshqarib, quvib o‘tish qoidalarini buzgan va qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan, Forish tumanida yashovchi 35 yoshli B.A. boshqaruvidagi Cobalt bilan to‘qnashgan.
YTH oqibatida har ikki mashina haydovchisi, shuningdek, Nexia’da yo‘lovchi sifatida bo‘lgan Xitoyning 54 yoshli fuqarosi voqea joyida halok bo‘lgan. Cobalt da yo‘lovchi sifatida bo‘lgan ikki kishi esa shifoxonada vafot etgan.
“Kun.uz”ning boshqa manbasiga ko‘ra, ushbu YTHda jami 7 kishi halok bo‘lganligi aytilmoqda. 5 kishi voqea joyida, 2 nafari esa shifoxonada.
Hodisa yuzasidan hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan.






