Kyiv — Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “Naftogaz” rahbari Sergey Koretskiy bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda xalqaro arbitraj qarorlarini hayotga tatbiq etish masalasini muhokama qildi. So‘nggi yillarda Ukraina foydasiga chiqarilgan sud qarorlari asosida Rossiyadan jami 6,9 milliard dollar undirib olinishi kutilmoqda.
Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozdi:
“Bugungi kunda xalqaro arbitrajlar Ukraina foydasiga bir necha ijobiy qaror chiqardi. Ularning umumiy summasi 6,9 milliard dollarni tashkil etadi. Bu — Rossiya va ’Gazprom’ning javobgarligini tasdiqlovchi va xalqaro huquqning kuchini ko‘rsatuvchi adolatli qarorlardir. Endilikda bu mablag‘larni undirish uchun aniq amaliy qadamlar tayyorlanmoqda. Ertaga Ukraina elchilariga zarur ko‘rsatmalar beriladi.”
Ma’lumot uchun, iyun oyida xalqaro arbitraj Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasini “Naftogaz”ga 1,37 milliard dollar to‘lashga majbur qilgan edi – bu Ukraina hududi orqali gaz tranzitini tashkil qilish xizmatlari uchun to‘lanmagan qarzdorlikdir.
Shuningdek, aprel oyida Fransiya sudi Rossiyadan yana 5 milliard dollarni majburiy undirib berish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Zelenskiy bayonoti ortidan diplomatik harakatlar faollashishi kutilmoqda. Ukraina xalqaro huquq doirasida iqtisodiy bosim mexanizmlaridan foydalanishga tayyorlanmoqda.