Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi aviayonilg'i narxlarining keskin oshishi sabab yozgi mavsumda 20 mingta qisqa masofali reysni qisqartirishini ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Zamon.uz.
Kompaniya bayonotiga ko'ra, AQSH–Isroil va Eron o'rtasidagi mojaro fonida aviayonilg'i narxlari ikki baravaraga oshgan, bu esa ayrim parvozlarning cheklanishiga olib kelgan.
Qayd etilishicha, boshqa aviakompaniyalar, jumladan Air France-KLM va Delta Air Lines ham ayrim reyslarni vaqtincha bekor qilgan yoki xarajatlarni qoplash maqsadida chipta narxlarini oshirgan.
Mutaxassislar mojaro davom etar ekan, reyslar qisqarishi va aviachiptalar narxining yana oshishini istisno etmayapti.
Ma'lumotlarga ko'ra, Evropaga etkazib beriladigan aviayonilg'ining qariyb yarmi Fors ko'rfazi mintaqasiga to'g'ri keladi. Asosiy ta'minot yo'li hisoblangan Hormuz bo'g'azi orqali tashuvlar Eron tomonidan cheklangani narxlarning oshishiga ta'sir ko'rsatgan.
Shuningdek, Quvaytdagi Al-Zour neftni qayta ishlash zavodi Evropa aviayonilg'i importining taxminan 10 foizini ta'minlaydi.
Xalqaro energiya agentligi o'tgan hafta Evropada aviayonilg'i zaxiralari qisqa muddat ichida tugashi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Shu bilan birga, ayrim hukumatlar va aviakompaniyalar hozircha ta'minotda jiddiy uzilishlar kuzatilmayotganini bildirgan.
Lufthansa Evropa yo'nalishlari qisqartirilishini tasdiqlar ekan, uzoq masofali xalqaro reyslar saqlanib qolishini ma'lum qildi. Kompaniya usbu choralar orqali taxminan 40 ming metrik tonna aviayonilg'ini tejashni rejalashtirmoqda.
Avvalroq aviakompaniya Evropadagi CityLine qisqa masofali parvoz dasturini yopishni tezlashtirishi va 27 ta samolyotni ekspluatatsiyadan chiqarishini bildirgan edi. Bunga yuqori yonilg'i narxlari hamda mehnat nizolari sabab bo'layotgani qayd etilgan.
Kompaniya ma'lumotiga ko'ra, reyslarni qisqartirishning dastlabki 120 tasi allaqachon amalga oshirilgan bo'lib, ular orasida Frankfurtdan Polsha va Norvegiyaga yo'nalishlar ham bor.






