Kecha, Navoiyni changsimon tutun qopladi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu oq tutun tarqalishi "Navoiyazot" AJ korxonasi va BXO atrofida sodir bo‘lgan. Tahlillarga ko‘ra, atmosfera tarkibida, ammiak 1,4 barobar hamda vodorod sulfidi 16,8 barobar me’yordan yuqoriligi aniqlangan.
Shuningdek, vizual o‘rganish davomida "Navoiyazot" AJning sexida ishlab chiqarish jarayonida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi tashlamalar tashlanganligi aniqlangan.
"Navoiyazot" AJ axborot xizmati esa boshqarmadan yolg‘on ma’lumotlar bilan asossiz ayb qo‘ymasligini talab qildi. Korxona mutaxassislari o‘sha kuni tekshiruv o‘tkazganda havo tarkibida ammiak mavjud emasligi aniqlangan. Jamiyatga qarashli tiomochevina sexi joriy yilning fevral oyidan buyon faoliyat yuritmayapti. Demak, atmosferaga vodorod sulfidi chiqqanligi haqidagi ma’lumot mutlaqo asossiz, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Uglerod ikki oksidi esa ko‘mirning chala yonishi natijasida hosil bo‘lishi, "Navoiyazot" AJ mahsulot ishlab chiqarishda ko‘mirdan umuman foydalanmasligini asos qilgan.
Ma’lumot uchun, korxona bundan oldin Navoiyni qoplagan changsimon tutun g‘arbiy hududdan (Navoiy xalqaro ayeroporti tomondan) havoga ko‘tarilgan shamol yo‘nalishi bo‘ylab korxona usti va atrofidan o‘tib keyin butun shaharga tarqalgani, korxonani hech qanday aybi yo‘qligi haqida ma’lum qilgan edi.