Mazkur holat yuzasidan Rishton tumani tibbiyot birlashmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Bildirilishicha, Rishton tumani Hurromobod MFYda yashovchi fuqaro Gulasal Oripova tuman markaziy shifoxonasi shifokorlari tomonidan xizmat vazifasiga loqaydlik bilan yondashish holati kuzatilayotganini bildirgan.
Rishton tumani tibbiyot birlashmasi holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borgan. Unga ko‘ra, 2026 yil 26 mart kuni soat taxminan 03:30 da 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro Foziljon Oripov ko‘krak sohasidagi og‘riq bilan shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilgan. Qabuldagi shifokor tomonidan bemorga yetarli darajada tibbiy yordam ko‘rsatilmagan holda uyiga javob berilgan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan ichki xizmat tekshiruvi natijasida mazkur shifokor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Shundan so‘ng bemorga viloyatdan malakali mutaxassislar jalb etilib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan hamda u Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Farg‘ona filialiga yotqizilgan.
Ayni paytda bemor viloyat shifokorlari nazoratida davolanmoqda. Uning sog‘lig‘i bosqichma-bosqich yaxshilanib borayotgani ma’lum qilindi.






