Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh fuqarolarning ko‘p qavatli uy quruvchilari tomonidan aldangani tasvirlangan videolar tarqaldi. Holat jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro T.N va boshqalar 2021 yil 11 avgust kuni “STRONG CITIES” MCHJni tashkil etgan, biroq zarur huquqiy ruxsatlarsiz, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan Olmazor tumanidagi yer maydonida ko‘p qavatli uy qurilishini boshlagan.
Tergovga ko‘ra, ular 2023–2024 yillar davomida fuqarolar bilan shartnomalar tuzib, qonunchilik talablarini buzgan holda xizmat ko‘rsatadigan bankda alohida hisob ochmasdan, katta miqdordagi mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. T.Nodirga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.