Qonuniylikni ta’minlash va poytaxtning me’moriy yaxlitligini saqlash maqsadida maxsus xizmatlar tegishli ruxsat hujjatlari bo‘lmagan reklama konstruksiyalarini olib tashlamoqda. Bu haqida Toshkent shahar hokimligi ma’lumot berdi.
Bildirilishicha, shahar infratuzilmasi tahlili shuni ko‘rsatadiki, ruxsatsiz o‘rnatilgan reklama shitlari, bannerlar va peshlavhalar obodonlashtirish qoidalarini buzib, poytaxt ko‘chalari va tumanlarining ko‘rinishini buzmoqda.
Shuningdek, piyodalar yo‘laklari va yo‘l chetlarini to‘sib qo‘yib, ayniqsa kam harakatlanuvchi fuqarolarning yurishini qiyinlashtirmoqda hamda yo‘l harakati xavfsizligiga xavf tug‘dirib, yo‘l belgilarini ko‘rishga xalaqit bermoqda.
Bundan tashqari, muhandislik tarmoqlariga, jumladan sug‘orish kanallariga zarar yetkazib, yomg‘irli mavsumda hududlarning suv bosishiga sabab bo‘lmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent shahar hokimligi biznes egalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda ijarachilarga tashqi reklama va axborot konstruksiyalarini joylashtirish yuzasidan murojaat yo‘lladi.
"Reklama obyektlaringiz — bannerlar, ko‘rsatkichlar, konstruksiyalarni joylashtirish uchun rasmiy ruxsatnoma borligiga ishonch hosil qiling.
Joylashtirilgan reklamalar texnik talablarga javob berishi va piyodalar hamda transport vositalarining harakatiga to‘sqinlik qilmasligiga ishonch hosil qiling.
Qoidabuzarlik holatlari aniqlansa, jarimalar va qo‘shimcha xarajatlardan qochish uchun obyektlarni o‘zingiz bartaraf eting.
Eslatib o‘tamiz: tashqi reklamani joylashtirish uchun yagona qonuniy asos Toshkent shahri vakolatli organlari tomonidan berilgan hujjatlardir", deyiladi hokimlik murojaatida.
Ma’lumot uchun, maslahat olish yoki ariza topshirish uchun davlat xizmatlarining onlayn servislaridan foydalanishingiz yoki quyidagi 71 210 0433, 71 210 0266 raqamlarga murojaat qilishingiz mumkin bo‘ladi.