AQShda Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi bilan bog‘liq operatsiyada ishtirok etgan harbiy Gannon Ken Van Deyk hibsga olindi. U maxfiy ma’lumotlardan foydalanib, garov tikish orqali 400 ming dollardan ortiq mablag‘ ishlaganlikda ayblanmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Van Deyk "Polymarket" platformasida Maduroning lavozimidan chetlatilishi va qo‘lga olinishi bilan bog‘liq bashoratlarga 33 ming dollardan ortiq pul tikkan. Natijada u 409 ming dollardan ziyod daromad olgan.
Federal organlar uni maxfiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish, firibgarlik va hukumat ma’lumotlarini o‘g‘irlashda ayblamoqda. Shuningdek, u daromadni yashirish maqsadida akkaunt va elektron manzillarini o‘zgartirishga urinagani qayd etilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp mazkur holatga munosabat bildirib, “butun dunyo ma’lum ma’noda kazinoga aylanib qoldi”, deb izoh bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Maduro AQSh kuchlari tomonidan Karakasda qo‘lga olingan va keyinchalik Nyu-Yorkka olib ketilgan. Unga nisbatan narkoterrorizm va boshqa og‘ir jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.






