AsosiySiyosat

Prezident ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi chorani ko‘rib chiqdi

Shavkat Mirziyoyev ipakchilik va pillachilik sohasini rivojlantirish yuzasidan takdimot bilan tanishdi.

'Prezident ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi chorani ko‘rib chiqdi'ning rasmi

Unda tarmoqni qo‘llab-quvvatlash, ozuqa bazasini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ipak qurti urug‘ining katta qismi import hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. 2030 yilgacha mahalliy urug‘dan foydalanish darajasini 75 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun Farg‘ona va Xorazmda elita urug‘ yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Buxoro, Namangan, Toshkent, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida yangi urug‘chilik korxonalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

2026–2030 yillarda 8 ming gektarda yangi tutzorlar barpo etish, 41,5 ming gektarda yakka qator tut ko‘chatlari ekish hamda 15 ming gektar maydondagi tutzorlarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Natijada 200 million tup tut ko‘chati ekilib, ozuqa bazasi 30 foizga oshiriladi. 2030 yilga borib pilla yetishtirish hajmini 36 ming tonnaga yetkazish maqsad qilingan.

Sohada yangi boshqaruv tizimi joriy etilib, O‘zbekipakasanoat uyushmasi hamda hududiy tuzilmalar fermer va kasanachilar bilan uzviy ishlaydi. Kam daromadli oilalarni pillachilikka jalb etish maqsadida 1 kilogramm pilla qiyomatining 35 foizi miqdorida subsidya va 20 million so‘mgacha ssuda ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, sanoat usulida pilla yetishtirishni kengaytirish, qurtxonalarni qurishni rag‘batlantirish va ularni 2029 yilgacha yer hamda mol-mulk solig‘idan ozod etish taklif etildi.

Eksportni oshirish masalasiga ham alohida e‘tibor qaratildi. 2030 yilgacha umumiy qiymati 200 million dollarlik 21 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish orqali xom ipakni qayta ishlash darajasini 75 foizga yetkazish va eksport tushumlarini 250 million dollarga chiqarish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, ozuqa bazasini mustahkamlash, mahalliy urug‘chilikni rivojlantirish va tayyor mahsulot ulushini oshirish bo‘yicha mutasaddidlarga tegishli topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar