Arab OAVlarida G‘azo atrofidagi vaziyat bo‘yicha yangi, juda bahsli ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Sky News Arabia Falastin manbasiga tayanib yozishicha, HAMAS va AQSh ma’muriyati o‘rtasida ma’lum bir “tushunish”ga kelingan: unga ko‘ra, HAMAS o‘z qurollari hamda G‘azodagi tunnellar xaritalarini taqdim etishi, evaziga esa siyosiy partiya sifatida tan olinishi va Isroil hujumlaridan himoya kafolatlari bo‘lishi mumkin.
Manbaning ta’kidlashicha, kelishuvda yana bir muhim band bor: HAMASning siyosiy va harbiy yetakchilari xohlasa, G‘azo sektorini tark etishi mumkinligi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, AQSh ularga yoki xorijdagi boshqa HAMAS rahbarlariga zarba bermaslik pozitsiyasini ushlab turishi ehtimoli tilga olingan.
Yana bir jihat: xabarlarda Vashington “HAMASning ayrim politsiyachilari va sobiq xodimlari”ni Isroil va AQSh tomonidan xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkazish sharti bilan G‘azoning yangi ma’muriyatiga qo‘shishga tayyor ekani ham qayd etilmoqda. Ya’ni, gap faqat qurolni topshirishda emas — keyingi boshqaruv tizimida kim qolishi, kim ketishi kabi nozik masalalarda ham ketayotganga o‘xshaydi.






