Qirg‘izistonda ma’muriy-hududiy islohotlarning navbatdagi bosqichi doirasida viloyat va tumanlarni tugatib, ularning o‘rniga 20 ta okrug tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Zamon.uz ma’lum qilgan.
Japarovning aytishicha, hozirda mamlakatda 44 ta tuman va 33 ta shahar mavjud bo‘lib, kelgusida boshqaruv tizimi soddalashtiriladi.
“Viloyatlar va tumanlar tugatiladi, 20 ta okrug qoladi. Soddaroq aytganda, 20 ta viloyat shakllanadi. Biroq bu jarayon darhol emas, taxminan 3–4 yil ichida amalga oshiriladi”, — dedi Japarov.
Uning ta’kidlashicha, dastlab tajriba sifatida bitta okrug tashkil etilib, 2–3 yil davomida sinovdan o‘tkaziladi. Asosiy mezon sifatida yangi tuzilma davlat byudjeti dotatsiyasiga qaram bo‘lmasdan faoliyat yurita olishi belgilanmoqda.
Agar tajriba muvaffaqiyatli yakunlansa, mamlakat to‘liq okruglar tizimiga o‘tkaziladi.
Prezident, shuningdek, ma’muriy-hududiy islohotlarning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini qayd etdi. So‘nggi ikki yil ichida Qirg‘izistonda ayl okruglari soni 452 tadan 231 tagacha qisqartirilgan.






