Yevropa Ittifoqi Ukrainada amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha erishilgan yutuqlar asosida mamlakatga 2,7 milliard yevrogacha qo‘shimcha moliyaviy yordam ajratilishini ma’lum qildi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Reuters agentligiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos Ukraina uchun 173 ta islohotdan iborat reja ishlab chiqilganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, agar Kiyev ushbu islohotlarni amalga oshirsa, Ukraina moliyaviy mablag‘larni bosqichma-bosqich olishi mumkin.
Shuningdek, Marta Kosning so‘zlariga ko‘ra, Vengriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng Ukraina uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan 90 milliard yevrolik kredit ajratilishi ham ehtimoldan xoli emas. Bu kredit avval Vengriya bosh vaziri Viktor Orban tomonidan bloklangan edi.
Ukrainalik iqtisodchi va siyosatchi Sergey Marchenko Ukraina 2026 yilda 52 milliard dollarlik byudjet taqchilligini qoplashda Yevropa Ittifoqi krediti muhim rol o‘ynashini bildirgan.
7–8 aprel kunlari Ukraina Oliy Radasi xalqaro moliyaviy yordam bilan bog‘liq bir qator qonunlarni qabul qildi. Jumladan, raqamli platformalardagi daromadlar bo‘yicha avtomatik axborot almashinuvi, harbiy yig‘imni uzaytirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirishga oid hujjatlar ma’qullangan.
Rasmiylarga ko‘ra, ushbu islohotlar Ukraina uchun 2 milliard yevrodan ortiq moliyaviy yordamni tezroq ajratish imkonini beradi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining usbu qarori Kiyevning iqtisodiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlash va Yevrointegratsiya jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.






