O‘zbekiston va Paragvay Prezidentlari o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, 11 dekabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev va Santyago Penya Faxriy mehmonlar xiyobonida o‘zaro do‘stlik va uzoq muddatli hamkorlikka sadoqat ramzi sifatida birgalikda nihol qadadi.
Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya rasmiy tashrif bilan 11 dekabr kuni O‘zbekistonga keldi. U “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida hukumat vakillari tomonidan kutib olindi. Ko‘ksaroydagi rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Prezidentlar tor va keng tarkibda muzokaralar o‘tkazib, Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Santyago Penyaning tashrifi 11–13 dekabr kunlariga mo‘ljallangan bo‘lib, unga rafiqasi Letisiya Okampos hamrohlik qilmogda. Paragvay yetakchisi safar davomida Xalqaro avtomobil federatsiyasi Bosh assambleyasida va federatsiya tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar g‘oliblarini taqdirlash marosimida ham ishtirok etishi belgilangan.






