AsosiyJamiyat

Qarshi tumani yetakchi inspektori 2 ming dollar olgan vaqtida ushlandi

Qashqadaryoda yer maydonlarining noqonuniy sotilishiga oid holatlar fosh etildi.

'Qarshi tumani yetakchi inspektori 2 ming dollar olgan vaqtida ushlandi'ning rasmi

Yer munosabatlari sohasida qonunbuzilishlarga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyatida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qarshi tumanida Kadastr agentligi bo‘limi yetakchi inspektori mansabdor tanishlari orqali noqonuniy egalab olingan 12 sotix yer maydoni bo‘yicha qo‘llanilgan 82 mln so‘m jarimani bekor qilib berish hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Shahrisabz tumanida ham shunga o‘xshash holat aniqlandi. Muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan 59 yoshli shaxs va Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali xodimi o‘zaro til biriktirib, mahalliy dehqon xo‘jaligiga tegishli 9 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy korxona rahbari nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 7 ming AQSH dollari talab qilgan.

Ular oldindan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar