17 aprel kuni Surxondaryo viloyatida Gentra avtomobili kanalga tushib ketdi. Bu haqda Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, hodisa soat 18:40 atrofida Sariosiyo tumani "Ehtirom" mahallasida sodir bo'lgan. Haydovchi avtomobilni qo'l tormoziga qo'ymasdan yaqin atrofdagi do'konga kirib ketgan. Natijada mashina o'z-o'zidan harakatlanib, hududdan oqib o'tuvchi Topalang daryosiga tushib ketgan.
Haydovchi hodisa haqida "112" tizimi orqali FVBga murojaat qilgan. Qutqaruvchilar voqea joyiga etib borib, maxsus texnikalar yordamida avtomobilni daryodan chiqarib olishgan. Hodisa vaqtida mashina ichida odamlar bo'lmagan.






