AsosiyJamiyat

Istanbul–Toshkent reysi havoga ko‘tarilgach muammo yuzaga keldi

Holat yuzasidan “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining matbuot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova Darakchi.uz'ga tushuntirish berdi.

'Istanbul–Toshkent reysi havoga ko‘tarilgach muammo yuzaga keldi'ning rasmi

Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining 28 iyul, kechasi Istanbuldan Toshkentga uchgan “HY272” reysi parvoz vaqtida bosim beqarorligi sababli Istanbul aeroportiga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati rahbari Darakchi.uz’ga ma’lum qildi.

Bildirilishicha, bort raqami “UK67003” bo‘lgan samolyot Istanbuldan havoga ko‘tarilganidan yarim soat o‘tib, 350-eshelon balandligida salon va kabinadagi bosimda muammo kuzatildi. Signalizatsiya tizimi ishga tushganidan so‘ng, ekipaj xavfsizlikni ta’minlash maqsadida uchish aeroportiga qaytishga qaror qilgan.

Samolyot mahalliy vaqt bilan 15:50da Istanbul aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Aviakompaniyaning texnik xizmatlari muammoni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rgan.

Kutish vaqtida yo‘lovchilar ovqat va suv bilan ta’minlandi, ular uchun mehmonxona ajratildi. Bugun, 29 iyul kuni yo‘lovchilar “HY8272” zaxira reysi orqali Toshkentga uchirildi. Parvoz mahalliy vaqt bilan soat 14:48da yakunlangan.

Uzbekistan Airways” yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, yo‘lovchilarning xavfsizligi eng ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

    Boshqa yangiliklar