Tramp AQSH va Yaponiya “tarixdagi eng yirik” savdo bitimiga erishganini e’lon qildi. Bu haqda BBC News nashri xabar berdi.
"Biz hozirgina Yaponiya bilan ulkan kelishuvga erishdik, ehtimol, bu tarixdagi eng yirik bitim bo‘lishi mumkin", deb yozdi AQSH prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Unga ko‘ra, Yaponiya mahsulotlariga 15 foizlik boj joriy etiladi. Avvalroq Tramp, bitimga erishilmasa, Yaponiyaga 1 avgustdan 25 foizlik boj solinadi, deya tahdid qilgandi.
Trampning aytishicha, shu kelishuv asosida Yaponiya uning ko‘rsatmasi bilan AQSHga 550 mlrd dollar investitsiya kiritadi. AQSH foydaning 90 foizini olishini ta’kidlagan Tramp tafsilotlarni ochiqlamagan.
Yaponiya bosh vaziri Sigeru Isiba bunga javoban Tramp e’lon qilgan kelishuvni izohlashdan oldin uning tafsilotlarini o‘rganib chiqishim kerak, dedi.
"Muzokaralar natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, toki biz muzokaralar va kelishuv tafsilotlarini batafsil o‘rganib chiqmagunimizcha, men bu borada bir narsa deya olmayman", — dedi u Tokioda jurnalistlarning savollariga javoban.