Ijtimoiy tarmoqlarda patrol-post xizmati xodimining voyaga yetmagan qizlarga nisbatan noqonuniy harakatlari haqida video murojaat tarqaldi. Unda jabrlanuvchi sifatida 14 yoshli qiz voqea tafsilotlarini bayon qilgan.
Qizning aytishicha, hodisa 27 aprel kuni kechqurun u dugonasi bilan hovlida o‘tirgan paytda sodir bo‘lgan. Ularning oldiga Spark avtomashinasi kelib to‘xtagan va haydovchi qizlarni mashinaga o‘tirishga majburlagan. Qiz avval rad etganini, ammo erkak o‘zini militsiya xodimi sifatida tanishtirib, ishonch uyg‘otganini aytgan. Shundan so‘ng u qizlarni uzoqdagi tog‘li hududga olib borib, tegajog‘lik qilgani ta’kidlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, qizlardan birining akasi geolokatsiya orqali ularning joylashuvini aniqlab, voqea joyiga yetib kelgan. Keyinchalik gumonlanuvchi tomonidan tahdidli qo‘ng‘iroqlar ham bo‘lgani aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan IIV Shaxsiy xavfsizlik bo‘linmasi prokuratura organlari bilan hamkorlikda tekshiruv boshlagan. Xabar qilinishicha, murojaatda tilga olingan xodim xizmat vazifasidan chetlatilgan.
Vazirlikka ko‘ra, faktlar tasdiqlansa, xodimning harakatlariga qat’iy huquqiy baho berilib, jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. Shuningdek, ichki ishlar organlari tizimida bunday holatlar mutlaqo qabul qilinmasligi ta’kidlangan.






