O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PQ–148-son qaroriga ko‘ra, “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi doirasida yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Unga muvofiq, 2030-yilgacha 20 ming nafar yoshni tadbirkorlikka o‘qitishga qaratilgan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur doirasida mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda xususiy sektor vakillari jalb etiladi.
Ishtirokchilarga biznes loyihalarini ishlab chiqish, sotuvga chiqish va bozorni kengaytirish kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar beriladi. Yakunda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 1 ming nafar yoshga Yoshlar ishlari agentligi sertifikati topshiriladi.
Sertifikat egalari uchun BHMning 500 baravarigacha miqdorda, Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz bilan 3 yilgacha muddatga, 6 oylik imtiyozli davrli ssuda ajratiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-avgustdan boshlab yangi tashkil etilgan yoshlar rahbarligidagi fermer xo‘jaliklariga 2 yil davomida bepul buxgalteriya xizmati ko‘rsatiladi.
2026-yil 1-iyuldan esa yoshlar tadbirkorlik subyektlarini elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.






