Samarqand viloyatida metan zapravkalarining 11 tasi narxlarni sun'iy oshirgani uchun jarimaga tortildi.
Ma'lum qilinishicha, Raqobat qo'mitasi Payariq tumanidagi AGNKSlarda narxlar asossiz oshirilgani bo'yicha murojaatni ko'rib chiqqan. Fuqarolar metan narxi qo'shni tumanlarga nisbatan qimmatligi va keskin oshganidan shikoyat qilgan.
Tekshiruvlar davomida 12 ta zapravkaning 11 tasi 5 yanvardan boshlab gaz narxini har kub metr uchun 300 so'mga oshirgani aniqlangan.
Tekshiruv davomida ushbu shoxobchalar 8 ta korxonaga tegishli ekani ma'lum bo'ldi. Ular orasida "Temur-Bek", "Sadaf Agro Servis", "Raqobat Eko Gaz Servis", "Jahongir Prestij", "Amirxon Gaz Servis" kabi kompaniyalar bor.
Mazkur holat bo'yicha 8 ta korxonaga nisbatan ish qo'zg'atilib, ularga jarima qo'llanilgan. Shuningdek, qonunbuzarliklarni bartaraf etish va bunday holatlarni takrorlamaslik bo'yicha ko'rsatma berilgan.






