Bu yerda aholiga tomorqadan samarali foydalanib, yuqori daromad olish amaliyoti joriy etilmoqda. Ma'lum qilinishicha, Quva tumanidagi ushbu agromajmua yetishtirishdan tortib, saqlash, qayta ishlash va eksportgacha bo'lgan barcha jarayonlarni yagona zanjirda birlashtirgan. Korxona yiliga 5 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirda tumandagi 3 mingta xonadon va 1 mingta dehqon xo'jaligi bilan kooperatsiya yo'lga qo'yilib, aholiga 10 sotix erdan 250 million so'mgacha daromad olish usullari o'rgatilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlar asosida mahsulotlar eksportbop holga keltirilmoqda. Joriy yilda 25 million dollarlik mahsulotni tashqi bozorga chiqarish rejalashtirilgan. Davlat rahbari erdan samarali foydalanish, mahsulotni chuqur qayta ishlash va eksportni kengaytirish orqali aholi daromadlarini oshirish muhimligini ta'kidladi.






