Qayd etilishicha, mazkur loyiha shaharda zamonaviy shaharsozlik andozalarini joriy etish, aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan. Massiv 25 ming nafar aholi uchun moʻljallangan boʻlib, bu yerda 84 ta koʻp qavatli uy, taʼlim muassasalari, bogʻchalar, oliy oʻquv yurti, savdo va biznes markazlari hamda dam olish hududlari barpo etiladi.
Loyiha uchun jami 1 trillion 850 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Hozirgacha birinchi bosqich yakunlanib, 4 ming 394 ta xonadondan iborat 56 ta oʻn qavatli uy foydalanishga topshirilgan.
Tayyor xonadonlar aholiga 35 foizlik boshlangʻich toʻlov, yillik 16 foiz stavka va 20 yillik muddat bilan taqdim etilmoqda.
Tashrif davomida davlat rahbari yangi xonadonlar sharoiti bilan tanishib, loyihaning ijtimoiy ahamiyatiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, nuroniylar bilan muloqot oʻtkazildi va Qoʻqon shahrini rivojlantirish boʻyicha taqdimot koʻrib chiqildi.






