"SpaceX" asoschisi, tadbirkor Ilon Mask AQSh hukumat sun'iy intellekt tufayli yuzaga keladigan ishsizlikni yumshatish maqsadida aholiga pul to'lashi kerakligini bildirdi. Bu haqda u o'zining X ijtimoiy tarmog'ida yozib qoldirdi.
Uning ta'kidlashicha, sun'iy intellekt va robototexnika tovar hamda xizmatlarni pul massasi o'sishidan ancha yuqori sur'atlarda ishlab chiqaradi.
"Federal hukumat tomonidan beriladigan cheklar orqali yuqori umumiy daromadni ta'minlash — sun'iy intellekt keltirib chiqarayotgan ishsizlikka qarshi kurashishning eng samarali yo'lidir. Sun'iy intellekt va robototexnika tovarlar hamda xizmatlarni pul massasi o'sishidan ancha yuqori hajmda ishlab chiqaradi, shuning uchun inflyatsiya kuzatilmaydi", — deb yozdi Mask.
"Goldman Sachs" hisobotiga ko'ra, sun'iy intellekt rivojlanishi natijasida dunyo bo'ylab 300 millionga yaqin ish o'rni avtomatlashtirilishi yoki qisqarishi mumkin. Shuningdek, usbu texnologiya jahondagi ish o'rinlarining qariyb 40 foiziga ta'sir ko'rsatishi, rivojlangan davlatlarda esa bu ko'rsatkich 60 foizgacha yetishi ehtimol qilinmoqda.






