Qozog‘istonning Turkiston viloyatida shoqol aholi yashash hududiga kirib kelib, ikki nafar bola va bir katta yoshli insonga hujum qildi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar turli darajada jarohat olgan. Ma’lum qilinishicha, yirtqich avval 4 yoshli qizchaning oyoq va barmoqlarini qattiq tishlagan, shundan so‘ng 15 yoshli o‘smirga tashlangan. Bolalarga yordam berishga uringan 42 yoshli erkak shoqolni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, ammo hayvon uni ham tishlab ulgurgan. Barcha jabrlanganlarga shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilib, quturishga qarshi emlash qilingan. Ayni paytda ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, og‘ir jarohat olgan qizcha esa shifokorlar nazoratida qolmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, shoqollar odatda insonlarga hujum qilmaydi. Bunday holatlar, asosan, hayvonning quturishi, bolalarini himoya qilishi yoki ozuqa yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hozirda veterinarlar hujum qilgan shoqolni tekshirib, unda quturish alomatlari bor-yo‘qligini aniqlamoqda.






