Qozog‘iston O‘zbekistonga neft yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Ostona shahrida o‘tayotgan REC 2026 forumi doirasida mamlakat energetika vaziri Erlan Akkenzhenov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashishga asoslanib, amaliy masalalarni hal etishga xizmat qilmoqda. Vazir O‘zbekiston bilan neft-kimyo va qayta ishlash sohalarida qator yirik loyihalar muhokama qilinayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, yaqinda Qozog‘iston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida neft-kimyo sanoatini rivojlantirish va neftni qayta ishlash hajmini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqilgan.
Akkenzhenovning qayd etishicha, energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish, jumladan resurslar tranziti va yetkazib berish masalalari ham muhokama qilinmoqda. Xususan, Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish va Rossiya neftini yetkazib berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Vazir ayrim loyihalar allaqachon amaliy bosqichga o‘tganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, o‘zbek hamkorlar bilan yaqin va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, REC 2026 forumi doirasida iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini boshqarish va barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilinmoqda.






