Toshkent shahrida 16 yoshli bola Lacetti rusumli avtomobilni boshqarib ketayotganida Kia rusumli mashina bilan to‘qnashdi. Hodisa oqibatida 2 kishi jarohat oldi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 03:30 atrofida Shayxontohur tumani, Sebzor ko‘chasida joylashgan “Ganga” ko‘prigi ustida 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan shaxs Lacetti avtomobilini boshqarib ketayotganida rul ustidan nazoratni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Oqibatda u 2002 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Kia rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Lacetti avtomobil haydovchisi va uning 2 nafar yo‘lovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hozirda Toshkent shahar IIB YXHB mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib bormoqda.






