Jarqo‘rg‘on tumanidagi 33-sonli umumta’lim maktabi pedagog xodimlaridan pul mablag‘lari majburiy tartibda yig‘ilayotgani haqidagi xabar yuzasidan tayinlangan xizmat tekshiruvi yakunlandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov ma’lum qildi.
Bayonotda aytilishicha, tekshiruv viloyat hokimi nazoratida o‘tkazilib, holatlar kompleks tarzda o‘rganilgan, hujjatlar tahli qilinib, mas’ul shaxslarning tushuntirishlari olingan.
Natijada Jarqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari Anvar Rajabov tomonidan berilgan ko‘rsatma amaldagi qonunchilik talablariga zid ekani, xususan, ixtiyoriylik tamoyili buzilgani aniqlandi.
Xizmat tekshiruvi xulosasiga muvofiq Anvar Rajabov egalab turgan lavozimidan ozod etildi.
“Anvar Rajabovning harakatlariga huquqiy baho berish uchun tekshiruv materiallari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ichki nazorat mexanizmi kuchaytirildi hamda rahbar xodimlar bilan maqsadli huquqiy tushuntirish ishlari olib borilmoqda”, - deyiladi bayonotda.






