Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin 6 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiya tomoni ushbu ish "ehtiyotkor nazorat ostida" ekanini ma'lum qilganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya IIV ma'lumotlariga asosan, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, gumonlanuvchi qo‘lga olingan va unga og‘irlashtiruvchi holatlarda qotillik hamda qotillikka sui-qasd ayblovi qo‘yilgan. Sud esa unga nisbatan hibs chorasini qo‘llagan.
Vazirning ta'kidlashicha, Rossiya tomoni tergov natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot taqdim etishini ham bildirgan. Sirojiddin Muhriddin mazkur voqeani "butun xalq uchun og‘riqli fojea" deb atab, ish mamlakat prezidenti hamda TIV tomonidan alohida nazoratga olinganini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Qobiljon Aliev 2025 yil 16 dekabr kuni Moskva viloyatidagi maktabda 15 yoshli Rossiya fuqarosi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan. Tojikiston TIV hodisa milliy adovat asosida sodir etilganini ma'lum qilgan.






