Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug'ullangan shaxslar qo'lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Qarshi shahrida o'tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Z.Q. 29 dona kapsula hamda 60 dona "Gabaten" nomli kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini 500 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Andijon viloyati Ulug'nor tumanida o'tkazilgan tadbirda fuqaro J.A. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan 4 dona "Regapen" va 1 dona "Tropikamid" dorilarini 670 ming so'mga sotayotganida qo'lga olingan.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






