O‘zbekistonda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 23 ta dorixona litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi va farmnazorat inspektsiyasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur dorixonalar litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzgan.
Aksariyat holatlar Samarqand va Toshkent shaharlariga to‘g‘ri keladi. Litsenziyasi bekor qilingan dorixonalar orasida “Marva-Pharm”, “Adolat Yulduz Farm”, “Gipofiz Farm”, “The Great Farm”, “Pharma Brend”, “Maxsudbek Biznes” va “Mexr-Shifo Med Farm” kabilar bor.
Shuningdek, maxsus reestrga litsenziyasi bekor qilingan dorixonalarning manzillari, xodimlari va filiallari kiritilgan. Bunday ro‘yxatlar endilikda ochiq e’lon qilib boriladi.
Vazirlik dorilarni sertifikatsiz saqlash va sotish, shuningdek O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan, markirovkasiz, sifatsiz yoki qalbaki dori vositalarini sotish qonun bilan javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatti.






