AsosiyJamiyat

San'atkorlar xizmatidan soliq olish tizimi o'zgarishi mumkin

Adliya vazirligi ishlab chiqqan kontsert-tomosha faoliyatini soliqqa tortishni soddalashtirishga oid Prezident qarori loyihasining jamoatchilik muhokamasi yakunlandi.

'San'atkorlar xizmatidan soliq olish tizimi o'zgarishi mumkin'ning rasmi

Loyihaga ko‘ra, to‘y, yubiley, sunnat to‘yi, nikoh marosimlari hamda restoran va boshqa tadbirlarda ko‘rsatiladigan har bir xizmat "bir xizmat — bir to‘lov" tamoyili asosida soliqqa tortilishi rejalashtirilgan. Ya’ni har bir chiqish alohida hisobga olinib, soliq undirilishi nazarda tutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha so‘nggi yillarda platformaga joylashtirilgan hujjatlar orasida eng ko‘p ko‘rilganlardan biri bo‘lgan. U bilan qariyb 16 ming foydalanuvchi tanishgan. Muhokama davomida fuqarolardan 130 ta taklif va mulohaza kelib tushgan.

E’lon qilingan tahlillarga ko‘ra, 2024 yilda 2 020 nafar xonanda soliq deklaratsiyasi topshirgan bo‘lib, jami 1,1 milliard so‘m soliq hisoblangan. Bu esa bir nafar xonandaga yil davomida o‘rtacha 544,5 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

2025 yilda esa 305 nafar xonanda deklaratsiya taqdim etgan va ularga o‘rtacha 505,6 ming so‘mdan daromad solig‘i hisoblangan.

Qayd etilishicha, usbu raqamlar sohada yagona va shaffof raqamli hisob tizimini joriy etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Qaror loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad Soliq kodeksida belgilangan majburiylik va adolatlilik tamoyillarini ta’minlashdan iborat.

Hujjat manfaatdor vazirlik va idoralar, jumladan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Raqobat qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasi bilan kelishilgandan so‘ng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani ma’lum qilindi. Kelib tushgan takliflar asosida loyiha takomillashtirilib, yuqori turuvchi idoralarga kiritiladi.

Avvalroq loyiha yuzasidan Madaniyat vazirligi e’tirozlar bildirgan. Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda kontsert-tomosha sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar qonunchilik asosida soliq to‘lab kelmoqda. Xususan, ular har oyda kamida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng ijtimoiy soliq to‘laydi, shuningdek yillik daromadidan 12 foiz daromad solig‘i undiriladi.

Shu bois ayrim muhokamalarda uchrayotgan "san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi" degan fikrlar haqiqatga to‘liq mos kelmasligi ta’kidlangan.

    Boshqa yangiliklar