Rossiyaning turli hududlarida qarovsiz qolib ketgan yana 6 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘zining xorijiy hamkasbi — Rossiya Federatsiyasi Bolalar ombudsmaniga so‘rov yuborgan. Unda qarovsiz qolgan voyaga yetmagan bolalar O‘zbekiston mas’ul idoralari (IIV, TIV) tomonidan bolalar vatanga qaytarilgunga qadar, ularni Rossiyada yashab turgan hududlaridagi bolalar muassasalarida vaqtincha joylashtirilishida amaliy yordam so‘ralgan.
Bunga javoban Rossiya Bolalar ombudmani tomonidan zarur ko‘mak ko‘rsatilib, bolalar joylashgan hududlarda ular uchun qulay va munosib shart-sharoit ta’minlangan.
2026 yil 1 fevral kuni 6 nafar bola (2 nafari Sankt Peterburgdan, 1 nafari Moskvadan, 1 nafari Moskva viloyatidan, 1 nafari Tataristonning Qozon shahridan, 1 nafari Kabardin-Balkar respublikasidan) IIV vakillari tomonidan O‘zbekistonga qaytarilgan.






