AsosiyJamiyat

Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxonalar bosqichma-bosqich Surxondaryoga ko‘chiriladi

Toshkent viloyatidagi issiqxonalarga tabiiy gaz etkazib berish to‘liq to‘xtatiladi.

'Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxonalar bosqichma-bosqich Surxondaryoga ko‘chiriladi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 9 aprel kuni qabul qilingan qaroriga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxona xo‘jaliklari iqlim sharoiti qulay bo‘lgan Surxondaryo viloyatiga ko‘chiriladi hamda ular moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, Toshkent viloyatidagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi, ko‘mir va mazut yoqiladigan yangi issiqxonalar qurilishiga ruxsat berilmaydi. Soliq stavkalari esa yuqori koeffitsientlarda hisoblanadi.

Bo‘shagan yer maydonlarida intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, ko‘chatchilik yoki "yashil bog‘lar" barpo etishga ruxsat beriladi. Davlat mulkidagi issiqxonalarda esa kapital qurilish ishlari taqiqlanadi.

2026 yil 1 iyundan boshlab Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida ko‘mir, mazut va boshqa zararli yoqilg‘ilardan foydalanadigan yangi issiqxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi. 2026 yil 1 avgustdan esa bu hududlarda issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi.

Shuningdek, suv resurslari uchun to‘lovlar sanoat korxonalari uchun belgilangan tarifning 5 baravari miqdorida hisoblanadi. Yer solig‘i va mol-mulk solig‘i esa amaldagi bazaviy stavkalarga nisbatan 10 baravargacha oshirilgan tarzda qo‘llanadi.

    Boshqa yangiliklar