2025 yil 30 dekabrda qabul qilingan PF–270-sonli Prezident farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimida muhim yangiliklar joriy etilmoqda. Hujjat korrupsiyaning oldini olish, davlat organlarida ichki nazoratni kuchaytirish hamda qonunbuzarliklar haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish mexanizmlarini nazarda tutadi.
Farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan "Raqamli komplayens" axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi. U korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari o‘rtasida tezkor axborot almashishni ta’minlaydi, shuningdek «E-Komplayens» moduli orqali davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyatini to‘liq raqamlashtiradi.
Hujjat bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qo‘shimcha vakolatlar berildi. Endi agentlik davlat organlari va tashkilotlariga qonunbuzilishlarni oldini olish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma va takdimnomalar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.
Eng muhim yangiliklaridan biri — korrupsion huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni mehnat faoliyatidagi tazyiq va ta’qibdan himoya qilish uchun himoya buyrug‘i taqdim etish amaliyoti joriy etilishidir.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida «Korrupsiyaga qarshi kurashga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Farmoniga muvofiq, 2026–2030 yillarda korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashdirish menejment tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. U avvalo reyting baholash natijalariga ko‘ra "qoniqarsiz" deb topilgan tashkilotlarda qo‘llanadi. Tizim o‘z vaqtida joriy etilmagan taqdirda, rahbar va uning o‘rinbosarlariga barcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘xtatib turiladi.






