Farg‘ona shahrida joriy yil 29 noyabr kuni tonggi soat 04:00larda ikki ayol, 2003 yilda tug‘ilgan M.G. va 2004 yilda tug‘ilgan F.O. spirtli ichimlik iste’mol qilib, yashash hududidagi aholini bezovta qilgan. Ularning mast holatda aholi tinchligini buzayotgani mahalla aholisi tomonidan aniqlandi va ichki ishlar organlariga xabar berildi.
Hodisa joyiga etib kelgan ichki ishlar xodimlari ayollarni tinchlantirishga uringan, ammo ular xodimlarning qonuniy talablariga bo‘yin sunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan. Ushbu harakat ularning jamoat tartibiga nisbatan bepisandligi va mas’uliyatsizligini yaqqol ko‘rsatgan.
Mazkur holat yuzasidan M.G. va F.O.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar xodimining qonuniy talabini bajarmaslik) asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ish materiallari sudga yuborildi, deyiladi xabarda.






