Bugun, 18 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilinib, ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, 2026 yilda davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trln so‘mni, daromadlari esa 368,9 trln so‘mni tashkil etadi. Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi — 220 trln so‘m ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Jumladan, ta’lim sohasiga 100 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga esa 49 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu joriy yilga nisbatan 11,4 foizga ko‘pdir.
Shuningdek, 2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlari esa 567,6 trln so‘m etib belgilangan. Byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutilgan. Qonun doirasida inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Muhokama yakunida senatorlar byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish, aholi turmush darajasini yaxshilash, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish hamda ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan vazifalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlab, qonunni ma’qulladi.






