Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, tadbirkorlar hamda partiya faollari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi hamda O‘zLiDePning “Besh maqsad – besh yuz vazifa” saylovoldi Dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida partiya tomonidan “Inklyuziv jamiyat sari” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim, bandlik, ijtimoiy hayot va infratuzilmada teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratildi.
Qayd etilganidek, loyiha doirasida mamlakatimiz bo‘ylab 60 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. Ularda 6340 nafar fuqaro ishtirok etdi. Uchrashuvlarda ko‘tarilgan 84 ta muammo joyida ijobiy hal etildi. Davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari asosida ham bir qator islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, 711 ta ovozli svetoforlar o‘rnatildi, 208 ta ko‘cha trotuar va yo‘laklari qayta jihozlanib, Toshkent metrosida 45 ta ko‘tarish moslamasi o‘rnatildi. Mingdan ortiq avtobus va elektrobus inklyuziv jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, 656 ta inklyuziv bog‘cha guruhlari tashkil etilib, maktablardagi inklyuziv sinflar soni 947 tadan 2,8 mingtaga yetkazildi. 2,5 ming nafar maxsus pedagog va assistent-pedagoglar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, loyiha ishtirokchilari Qirg‘iziston va Eronda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarda ishtirok etdi. Qo‘qon shahrida o‘tgan II Xalqaro hunarmandlar festivalida nogironligi bo‘lgan hunarmandlar faol ishtirok etib, bir qator sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Forum doirasida loyihani yanada ommalashtirish uchun qator taklif-tashabbuslar ham ilgari surildi. Jumladan, davlatlararo to‘siqsiz “Inklyuziv turizm”ni rivojlantirish, inklyuziv ta’lim uchun infratuzilma va sharaitlarni yaxshilash, nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun IT sohasida kvotalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq reja ishlab chiqish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar imkoniyat cheklangan fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, jamoat transportida ta’lim muassasalariga qatnash uchun bepul ijtimoiy kartalar joriy etish, mehnat bozoriga teng huquqli kirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kinomateriallarni tiflo-izoh va surdotarjimon bilan ta’minlashni kengaytirish kabi takliflar ham forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Forum yakunida muhokama qilingan barcha masalalar bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.






