ACWA Power qurayotgan yirik stansiyaning gaz turbinasida yuzaga kelgan nosozlik sabab Mitsubishi qisqa muddatda yangi rotor yetkazib berdi.
Sirdaryo viloyatidagi 1500 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasining 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi aniqlangach, ishlab chiqaruvchi va investorning kafolat majburiyatlari doirasida Yaponiyada tayyorlangan yangi rotor 8 dekabr kuni maxsus reys bilan Toshkentga olib kelindi.
114 tonna og‘irlikdagi qurilma bevosita aeroportdan stansiya maydoniga yetkazilgan.
Mutasaddi idoralar, investor va texnologik hamkorlar ishtirokida montaj jarayonlari boshlangan bo‘lib, rotorni o‘rnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy davom etadi. Shu davrda quvvat yetishmovchiligini qoplash uchun zahira va yangi ishga tushirilayotgan bloklar jalb qilinmoqda.
Bulutli ob-havo va kunlarning qisqaligi sabab quyosh stansiyalarida ishlab chiqarish kamaygani fonida ayrim hududlarda iste’mol eng yuqori bo‘ladigan 17:00–21:00 oralig‘ida qisqa muddatli cheklovlar kuzatilishi mumkinligi ma’lum qilindi. Zarurat tug‘ilganda iste’molchilar oldindan ogohlantiriladi.
Yangi rotor o‘rnatilgach, stansiya to‘liq quvvatga qaytishi va vaqtincha cheklovlarga ehtiyoj qolmasligi kutilmogda.






