AsosiySiyosat

Kelgusi yilda paxta yetishtirish hajmi oshiriladi

Prezident kimyo sanoati bo‘yicha taqdimotda kelasi yilda 4,5 million tonna paxta yetishtirish maqsad qilingani hamda buning uchun o‘g‘it ta’minotini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

'Kelgusi yilda paxta yetishtirish hajmi oshiriladi'ning rasmi

3 dekabr kuni o‘tkazilgan taqdimotda davlat rahbari kimyo sanoatida ishlab chiqarish va eksportni ko‘paytirish, tannarxni kamaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi. 2030 yilgacha tarmoq hajmini ikki barobarga oshirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni sezilarli kengaytirish rejalashtirilgan.

Hozirda qiyati 1 milliard dollarlik 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda, yana 4,5 milliard dollarlik tashabbuslar shakllantirilgan.

Taqdimotda ayrim yirik korxonalarda eskirgan quvvatlar energiya sarfini oshirayotgani, natijada mahsulot tannarxi va raqobatbardoshligi pasayotgani qayd etildi.

Azotli o‘g‘itlar tannarxining yarmidan ko‘pi energiya xarajatlariga to‘g‘ri kelayotgani alohida ta’kidlandi.

Sohada energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, jarayonlarni raqamlashtirish va xarajatlarni qisqartirish muhimligi aytildi.

Joriy yilda Toshkent, Navoiy va Jizzaxda yuqori qo‘shilgan qiyatli kimyo mahsulotlar ishlab chiqaruvchi loyihalar ishga tushdi.

Kelgusi yilda 4,5 million tonna paxta yetishtirish rejasidan kelib chiqib, fosforli o‘g‘itlar zaxirasini shakllantirish, ishlab chiqaruvchilarni sulfat kislotasi bilan to‘liq ta’minlash vazifasi berildi. Fermerlarga imtiyozli kreditlar ajratish jarayonini tezlashtirish zarurligi ham qayd etildi.

Prezident kimyo sanoatini strategik tarmoq sifatida baholab, ichki bozor barqarorligini ta’minlash, eksportni oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar