Toshkent shahrida 2025 yilning yanvar—noyabr oylari davomida avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan 19 632 nafar yo‘lovchi aniqlandi.
Transport nazorati inspektsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ularga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi asosida BHMning 10 foizi — 41 200 so‘m miqdorida jarima qo‘llangan.
Poytaxtda yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlash maqsadida reydlar kuchaytirilgan.
Endilikda Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari ham yo‘l haqini to‘lamagan fuqarolarga nisbatan jarima bayonnomalarini rasmiylashtirish huquqiga ega.
2025 yil 1 yanvardan boshlab avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatilgan. Yo‘lovchi naqd to‘lovni taklif qilgan taqdirda, haydovchi uni qabul qilmasligi lozim. Qoidabuzarlik takrorlansa, haydovchi ham, yo‘lovchi ham ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Shuningdek, barcha avtobuslarga nazorat kameralari o‘rnatilgan. Poytaxt jamoat transportida qatnov uchun cheklangan tarif 3 000 so‘m etib belgilangan, biroq elektron to‘lov orqali 1 700 so‘m to‘lash imkoni mavjud.






