AsosiyJamiyat

Fuqarolar foydasiga 9,3 mlrd so‘m undirildi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili 2025 yilning 9 oylik faoliyati bo‘yicha ma’lumot berdi.

'Fuqarolar foydasiga 9,3 mlrd so‘m undirildi'ning rasmi

Hisobot davrida murojaatlar asosida fuqarolar manfaatiga milliardlab so‘m qaytarilishi, ishga tiklashlar, aliment to‘lovlari va huquqbuzarlarga nisbatan choralar ko‘rilgani ma’lum qilindi.

Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar asosida fuqarolar foydasiga jami 9 mlrd 327 mln so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishiga yordam berildi. Shundan 2 mlrd 162 mln so‘mdan ortig‘i ish haqi va mehnat munosabatlariga oid to‘lovlardir.

Hisobot davrida 25 nafar fuqaroni ishga tiklash yoki ishga joylashtirish bo‘yicha murojaatlar ijobiy hal etildi. Shuningdek, 11 ta holatda ish beruvchilarning xodimlarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari bartaraf etildi.

Xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti bo‘yicha 577 mln so‘mdan ortiq aliment to‘lanishi ta’minlandi, aliment to‘lashdan voz kechgan 3 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan hollarda fuqarolarga to‘lanishi lozim bo‘lgan 3,6 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya undirilishida ham Ombudsman ko‘maklashgan.

Murojaatlarni o‘rganish natijasida inson huquqlarini buzgan 33 nafar mas’ul xodim intizomiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, Ombudsman va jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 728 marta monitoring tashriflari amalga oshirilgani ma’lum qilindi.

    Boshqa yangiliklar