Qurilish vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan aniqlangan 38,5 milliard so‘mlik davlat xaridida qonunbuzarlik bo‘lgani to‘g‘risidagi xabarlarga izoh berdi.
Vazirlikka ko‘ra, davlat xaridlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali inson omilisiz, to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi.
2025 yil 29 avgust kuni berilgan “Surxondaryo viloyati Boysun tumani “Xongaronsaroy” sel suv omborining nasos stansiyasi va suv uzatish quvurlarini qurish orqali ekin maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash” obyekti bo‘yicha tanlovda 3 ta pudrat tashkiloti qatnashgan.
Maxsus tizimda tenderlarga ishtirok etmoqchi bo‘lgan tashkilotlar ikki marta tekshirilishi hamda tanlovdan asossiz chetlashirilgani aytilgan korxonada ham ikkinchi tekshiruvda 2,3 million so‘m miqdorida soliqdan qarzdorlik aniqlangani ta’kidlandi. Shu asosda platforma mazkur ishtirokchini tenderdan avtomatik tarzda chetlatgan.
Sudning tegishli qarori bilan soliq tizimining elektron ma’lumotlar bazasida mazkur qarzdorlik sun’iy ravishda shakllanganligi fosh bo‘lgani sabab tender natijalari bekor qilingan.






