Surxondaryo QurilishInvest DM buyurtmasi asosida o‘tkazilgan davlat xaridini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganish jarayonida qonunbuzarlik holati aniqlandi.
Xususan, davlat muassasasi tomonidan Boysun tumanidagi "Xo‘ng‘oronsoy" sel suv omboridan nasos stansiyasi va suv uzatish quvurlarini qurish orqali ekin maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha boshlang‘ich qiymati 38,5 mlrd so‘m bo‘lgan tender e’lon qilingan.
Xarid komissiyasi bayonnomasiga ko‘ra, mazkur davlat xaridida 36,5 mlrd so‘mlik taklif bilan "D.Y.T." MChJ g‘olib, 38,5 mlrd so‘mlik taklif bilan "M.I.T." XK zaxirasidagi g‘olib deb topilgan.
Aniqlanishicha, tenderning yana bir ishtirokchisi — "F." MChJning soliq hisob varag‘iga noqonuniy aralashuv orqali soliqdan qarzdorlik mavjudligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan.
Natijada jamiyat "Shaffof qurilish" maxsus axborot platformasi orqali tender jarayonidan asossiz ravishda chetlatilgan.
Agentlik tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida mazkur xaridning bekor qilinishi ta’minlandi.
Shuningdek, holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli huquqiy baho berilmogda.
Korrupsiya holatiga duch kelgan fuqarolar, agentlikning "Kall-markazi" – 1253 orqali murojaat qilishi mumkin.






