Oʻzbekistonga olib kiralayotgan yengil va yuk avtomobillari uchun ekologik sertifikat olish talabi bekor qilindi. Bu hukumatning 597-sonli qarorida nazarda tutilgan.
Endilikda avtomobilning ekologik talablarga mosligi umumiy texnik reglament asosida baholanadi. Shu bilan birga, har qanday transport vositasi kamida “Yevro-4” darajasidagi ekologik standartlarga javob berishi lozim.
Ariza beruvchilar ekologik moslikni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak boʻladi, masalan: ishlab chiqaruvchidan olingan rasmiy xat yoki texnik hujjatlar.
Elektr dvigatelli mashinalar (toʻliq elektromobillar) ekologik baholashdan ozod etiladi. Ammo bu imtiyoz gibrid avtomobillarga taalluqli emas.
Eslatib oʻtamiz, “Ekologik transport” tizimini joriy etish muddati 2026 yil 1 yanvarga surilgan edi.






