AsosiyJamiyat

Bo'kada 2 nafar yigit IIB xodimini pichoqladi

Viloyat bo‘yicha barcha YPH xodimlari ogohlantirilib, kameralar orqali olib qochilgan mashinaning yo‘nalishi aniqlanmoqda.

'Bo'kada 2 nafar yigit IIB xodimini pichoqladi'ning rasmi

Holat 2025 yil 2 avgust kuni sodir boʻlgan. Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanida yashovchi 2007 yilda tugʻilgan 2 nafar bola Namangan viloyatiga ketish maqsadida Samarqand shahridan yoʻlovchi sifatida fuqaro A.N. boshqaruvidagi Cobalt mashinasiga minishgan. Sirdaryo viloyati hududida haydovchi hojatxonaga kirib ketganida ular mashinani olib qochishgan.

Toʻsib ushlash rejasi harakatga keltirilgach, ularni Boʻka tumani hududida IIB xodimi toʻxtatishga uringan. Ammo ular xodimni pichoqlab, Cobaltni qoldirgan holda uning Matiz mashinasini haydab ketishgan.

Viloyat hududidagi barcha YPH inspektorlari, YPH maskanlari va blok-postlar ogohlantirilib, mavjud kameralardan olib qochilgan mashinaning harakat yoʻnalishini aniklash boyicha ishlar olib borilgan.

Shundan soʻng, gumonlanuvchilar Toshkent viloyati Ohangaron tumanida harakatlanib ketayotganida ularga YPH inspektori X.D. toʻxtash ishorasini bergan. Biroq ular inspektorning bu talabiga boʻysunmay, uni mashinada urib yuborib, yoʻlda davom etishgan. Inspektor esa oyogʻidan jarohatlanib, shifoxonaga murojaat qilgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida gumonlanuvchi shaxslar Ohangaron shahri hududida ushlangan.

    Boshqa yangiliklar