O‘zbekistonda soliqlar va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, foyda yoki soliq solinadigan ob’yektlarni qasddan yashirish uchun jarimalar miqdori oshirildi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi normalarga ko‘ra, soliq to‘lashdan ancha, ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda bo‘yin tovlash holatlarida 1 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. Ilgari bunday holatlarda asosan jarima yoki axloq tuzatish ishlari belgilangan edi.
Ayni paytda, agar shaxs yetkazilgan zararni to‘liq qoplasa yoki birinchi marta jinoyat sodir etib, tekshiruv jarayonida barcha to‘lovlarni amalga oshirsa, u javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.






